Avstriyada tarantullar bosqini: ikki oyda 200 dan ortiq xabar
Sentyabr oyi boshidan beri Avstriyada tarantullarning ikki turini uchratish boʻyicha 200 dan ortiq holat qayd etildi. Mutaxassislar 175 ta kuzatuvni tasdiqladi, oʻrgimchaklar eng koʻp Shtiriyada koʻrilgan.

Shtiriyadan keyingi oʻrinlarda Quyi Avstriya (49) va Burgenland (43) turadi. Hozircha har ikki tur faqat Burgenlandda uchramoqda.
Kuzda oʻrgimchaklar sovuqdan pana izlab, baʼzan uylar va garajlarga kirib oladi. Ayrim topilmalar mutaxassislarni hayratda qoldirdi: janubiy rus tarantuli maʼlum tarqalish arealidan shimoli-gʻarbda joylashgan Tyulnda, qora qorinli tarantul esa Gayltaldagi Shtossau shahrida kuzatildi. Bu mamlakatda uning tarqalishining eng gʻarbiy nuqtasidir.
Har ikki tur ham boʻri oʻrgimchaklari guruhiga kiradi va juda kamdan-kam tishlaydi. Tishlashi ogʻriqli, ammo sogʻlom odam uchun xavfli emas.
Avstriya Tabiatni muhofaza qilish uyushmasi maʼlumotlariga koʻra, janubiy rus tarantuli mamlakatda 1920-yillardan, qora qorinli tarantul esa 1970-yillardan beri maʼlum. Olimlarning fikricha, ularning tarqalishiga yozning iliqroq va quruqroq kelayotgani yordam bermoqda; Chexiyada ham sonining shunga oʻxshash oshishi qayd etilmoqda.



