Germaniyalik olimlar inson hujayralarining biologik yoshini ortga qaytarib, ularni yoshartirdi
Bonn va Axen olimlari odamlarning, jumladan 101 yoshli donorning qon hujayralarini nerv ildiz hujayralariga aylantirdi. Laboratoriyada ular qarish belgilarining aksariyatini yoʻqotdi.

Bonn universiteti va Reyn-Vestfaliya texnika universiteti Axen olimlari oddiy qondan yosh nerv ildiz hujayralarini olishni oʻrgandi. Tadqiqot Aging Cell jurnalida chop etildi.
Tadqiqotchilar yoshi noldan 101 yoshgacha boʻlgan 15 donorning qonini olib, eritrotsitlar old hujayralariga SOX2 va cMYC genlarini kiritdi. Shu tariqa qon hujayralari toʻgʻridan-toʻgʻri neyronal ildiz hujayralariga aylandi, ulardan keyinchalik neyronlar va miyaning tayanch hujayralari yetishtirildi.
Olingan hujayralarning biologik yoshi donor yoshining oʻrtacha qariyb 13 foizini tashkil etdi, uzoq vaqt davomida yetishtirilganda esa 5 foizdan ham pastga tushdi. Qarishning boshqa belgilari, jumladan genlar faolligidagi farqlar ham deyarli yoʻqoldi. Yoshartirish hujayralarning boʻlinishiga bogʻliq boʻlmagan, uning mexanizmi hozircha nomaʼlum.
Qarishga qarshi terapiya haqida gapirishga hali erta: tajriba faqat laboratoriyada oʻtkazildi. Mualliflar asosiy foydani miya qarishini hamda Alsgeymer va Parkinson kabi kasalliklarni oʻrganishda koʻrmoqda.
Yana oʻqing

BMT iqlim organi rahbari: iqlim oʻzgarishi pandemiyadek sogʻliq uchun xavf tugʻdirmoqda
Fan va salomatlik19:15
FDA Ozempic va uning analoglarini qabul qilayotganlarda koʻrish qobiliyatini yoʻqotish xavfi haqida ogohlantirdi
Fan va salomatlik17:04
