Seshanba, 10-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Oʻzbekiston

«Oʻzbekneftgaz» 10 oyda 803,7 mln dollarlik mahsulot eksport qildi

2026-yil yanvar–oktabrida «Oʻzbekneftgaz» mahsulot eksporti 803,7 mln dollarni tashkil etdi, reja esa 146,4 foizga bajarildi.

10-noyabr, 15:28По-русски

«Oʻzbekneftgaz»da 2026-yil yanvar–oktabr oylaridagi ishlar yakuni boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov rahbarligidagi yigʻilishda sarhisob qilindi. Kompaniya tovar mahsulotlari ishlab chiqarish rejasini 103,7 foizga bajardi, ishlab chiqarish oʻsish surʼati 107,5 foizni tashkil etdi.

Investitsiyalarni oʻzlashtirish rejasi 100 foizga, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejasi esa 129,5 foizga bajarildi. Mahsulot tannarxi 2,1 trln soʻmga kamaytirildi, davlat budjetiga 7,9 trln soʻm oʻtkazildi. Avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan gaz, aviakerosin, oltingugurt va polietilen ishlab chiqarish rejalari ham ortigʻi bilan bajarildi.

Yigʻilishda yil oxirigacha bajariladigan vazifalar muhokama qilindi. Muborak, Shoʻrtan, Gazli va Ustyurt neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalaridagi vaziyat oʻrganilib, 459 ta chora tasdiqlandi. Ularning bajarilishi sutkalik gaz qazib olish hajmini yana 3,4 mln kub metrga oshirishi kerak. Yiliga 22,8 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olish maqsadiga erishish uchun rahbariyatga geologik-texnik tadbirlarni oʻz vaqtida oʻtkazish topshirildi.

Hisobot davrida suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmi 1 mln 16 ming tonnaga yetdi. Bundan tashqari, kompaniyaning ekologik, ijtimoiy va boshqaruv mezonlari boʻyicha ESG bahosi 50 balldan 55 ballgacha oshdi. 2027-yilga xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish va mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Yana oʻqing