Oʻzbekistondagi xususiy kameralar xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchi va yoʻlovchilarni qayd eta boshlaydi
Oʻzbekistonda 1-noyabrdan boshlab xususiy avtomatlashtirilgan majmualar xavfsizlik kamaridan foydalanmayotgan haydovchilar va oldingi oʻrindiqlarda oʻtirgan yoʻlovchilarni aniqlay oladi. Ularning egalari toʻlangan jarimalarning bir qismini oladi, ayrim shartlar bajarilganda esa oylik daromad 82,5 mln soʻmni tashkil etishi mumkin.

Yangilik Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilandi: xususiy foto va video nazorat tizimlari qayd etishi mumkin boʻlgan qoidabuzarliklar roʻyxati kengaytirildi. Qurilmalar haydovchining yuzini, xavfsizlik kamaridan foydalanilganini va avtomobilning davlat raqamini koʻrsatishi, hodisaning sanasi va vaqti haqidagi maʼlumotlarni uning koordinatalari bilan birga «Maʼmuriy amaliyot» moduliga avtomatik yuborishi kerak. Elektr taʼminoti uzilganida ishlash uchun majmualar zaxira elektr manbaiga ega boʻlishi shart.
Toʻlovlar sxemasi uskunadan foydalanish muddatiga bogʻliq. Dastlabki ikki yil davomida undirilgan jarimalarning yarmi mulkdorga beriladi, shundan keyin uning ulushi 25 foizgacha kamayadi. Har kuni 50 ta qoidabuzarlik qayd etilsa va haydovchilar jarimalarni chegirma bilan toʻlasa, dastlabki ikki yilda hisoblangan daromad oyiga taxminan 82,5 mln soʻmga yetadi. Haqiqiy summa aniqlangan va toʻlangan qoidabuzarliklar soniga qarab belgilanadi.
Qoidalarda xavfsizlik kamaridan foydalanish majburiyati tatbiq etilmaydigan toifalar ham nazarda tutilgan. Ular orasida homilador ayollar, avtomobil boshqarishni oʻrgatuvchi instruktorlar va ayrim maxsus transport vositalari haydovchilari bor. Sogʻliqni saqlash vazirligi roʻyxatiga kiritilgan kasalliklarga chalingan shaxslar ham bu majburiyatdan ozod etilishi mumkin.



