Oʻzbekiston Turkmaniston chegarasidagi «Olot» punktini modernizatsiya qilmoqchi
Trafik oshgani fonida Oʻzbekiston hukumati «Olot» punktini yangilashni muhokama qilmoqda: variantlar — «Yomonjar» kanali ustidan yangi koʻprik va yuk tirkamalarini qayta ulashdan voz kechish.

4 noyabr kuni punktni transport vaziri Ilhom Mahkamov, Bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxoʻja Mavlonov, «Uzavtoyul» rahbari Jamshid Tursunov va «Uzsuvtaʼminot» rahbari Ahmad Suvankulov koʻzdan kechirdi. Bu haqdagi maʼlumotni Oʻzbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati tarqatdi.
Dastlabki oʻn oyda punkt orqali 243 mingdan ortiq avtomobil oʻtdi. Bu koʻrsatkich 2022 yil darajasidan 2,3 baravar yuqori boʻldi. Hozir chegaradan har ikki yoʻnalishda kuniga 1,2 mingtagacha avtomobil oʻtmoqda.
Transport vazirligi punkt infratuzilmasini yangilash, uning ish tartibini oʻzgartirish va harakatni boshqarishni yaxshilashni taklif qilmoqda. Mumkin boʻlgan choralar qatorida COVID-19 pandemiyasi davridan buyon amal qilib kelayotgan yuk tirkamalarini qayta ulash tartibini bekor qilish ham bor.
Amaldagi qoidalarga koʻra, bir mamlakatda roʻyxatdan oʻtgan tyagachlardan yuk tirkamalari ajratiladi, keyin esa ular boshqa tomonning avtomobillariga ulanadi. Vazirlik hisoblashicha, avvalgi tartibga qaytish qoʻshimcha tekshiruvlar sonini kamaytiradi va chegaradan oʻtishni tezlashtiradi.
Yana bir variant — ikki davlatning betaraf chegara yoʻlaklarini bogʻlaydigan «Yomonjar» kanali ustidan koʻprik qurish. Yangi inshoot 1978 yilda qurilgan koʻprik oʻrnini egallashi kerak. Loyihada har bir yoʻnalishda yuk avtomobillari uchun kamida ikkitadan harakatlanish qatori nazarda tutilgan. Bu tirbandliklarni kamaytirishi, yengil avtomobillar harakatini va piyodalarning oʻtishini qulaylashtirishi kutilmoqda.
Tegishli davlat organlariga takliflarni ishlab chiqish va texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash topshirildi. Shundan soʻng loyihalarni yuqori darajada koʻrib chiqish uchun taqdim etish rejalashtirilmoqda.



