Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ulushdorlar uchun eskrou hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi qonunni qabul qildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Koʻp kvartirali uylar va boshqa koʻchmas mulk obyektlarini ulushli ishtirok asosida qurish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasini qabul qilib, uni Senatga yubordi.

Asosiy yangilik ulushdorlarning mablagʻlariga taalluqli: ular quruvchida emas, banklardagi eskrou hisobvaraqlarida saqlanadi. Quruvchi bu mablagʻlarni uyni foydalanishga topshirganidan keyingina oladi.
Quruvchi fuqarolarning mablagʻlarini bir necha shart asosida jalb qilishi mumkin boʻladi. U Yagona axborot tizimida roʻyxatdan oʻtishi, vakolatli bank bilan shartnoma tuzishi va loyiha deklaratsiyasini eʼlon qilishi kerak. Ushbu qoidalar buzilgan taqdirda, ulushdor mablagʻlarini foizlari bilan qaytarishni talab qilishga haqli.
Ulushli ishtirok shartnomalari va ularga kiritiladigan har qanday oʻzgartirishlar notarius tomonidan tasdiqlanadi. Bu bir xonadonning qayta sotilishiga va bitim shartlarining norasmiy «qoʻshimcha kelishuvlar» orqali oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
Qonunda qurilish ishlarining toʻxtab qolishiga qarshi mexanizmlar ham nazarda tutilgan: uzluksiz moliyalashtirish hamda zarurat tugʻilganda bank yoki quruvchini almashtirish.
Yangi qoidalar qonun kuchga kirganidan keyin qurilish uchun ruxsatnoma beriladigan obyektlarga nisbatan amal qiladi.



