Ferdinand: Portugaliyaga Ronaldoning tijoriy salohiyatiga teng keladigan oʻrinbosar topish qiyin boʻladi
Rio Ferdinand Krishtianu Ronaldoning Portugaliya terma jamoasidan ketishi uning tijoriy koʻrsatkichlariga kuchli taʼsir qilishini, Ronaldoning global qamrovini almashtirish esa qiyin boʻlishini aytdi.

Bir kun avval 41 yoshli Ronaldo Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashini eʼlon qildi. U 2003-yildan beri milliy jamoa safida toʻp tepib kelgan.
Ferdinandning fikricha, futbol federatsiyasi futbolchi bilan hamkorlikni nafaqat sport sabablariga koʻra davom ettirishdan manfaatdor boʻlishi mumkin edi. «Manchester United»ning sobiq himoyachisi hisoblashicha, tijoriy loyiha sifatida Ronaldo Portugaliya terma jamoasining oʻzidan ham kattaroq boʻlib qoldi.
Sobiq futbolchi hujumchining ketishi federatsiyaning daromadlari va tijoriy koʻrsatkichlariga jiddiy taʼsir qilishi mumkinligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Ronaldoning oz sonli postlari ham ulkan samara beradi.
2026-yilgi jahon chempionati vaqtida uning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari qamrovining media qiymati 107 million dollarga baholandi. Portugaliya terma jamoasining rasmiy sahifalari esa shu davrda tahlil qilingan barcha platformalarda 88 million dollarga baholandi.
Ferdinand Portugaliyaning xalqaro miqyosdagi mashhurligini ham Ronaldoning investitsiyalari bilan bogʻladi. Jumladan, futbolchi butun dunyoda «Portugaliyada ishlab chiqarilgan» degan yozuv tilga olinayotganidan faxrlanishi haqida gapirgan.
Ferdinand Ronaldoni global ikona deb atadi va Portugaliya futboli tijoriy jozibadorligi hamda xalqaro qamrovi boʻyicha unga teng keladigan oʻrinbosar topishi dargumon ekanini bildirdi. Sobiq himoyachining fikricha, uning Portugaliya va butun dunyo futboliga qoʻshgan hissasini ortiqcha baholab boʻlmaydi.



