Oʻzbekiston va Qatar parlamentlararo muloqot hamda tajriba almashuvini kengaytirishga kelishdi
6 noyabrdagi onlayn uchrashuvda Qatar parlament delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi muhokama qilinib, ikki parlament vakillarining har yilgi uchrashuvlari qoʻllab-quvvatlandi.

6 noyabr kuni Oʻzbekistonning Dohadagi elchixonasi koʻmagida uchrashuv masofaviy formatda oʻtkazildi. Unda Qatar parlament delegatsiyasining rasmiy tashrifiga tayyorgarlik va hamkorlikning yangi yoʻnalishlari asosiy mavzu boʻldi.
Qatar tomonidan Maslahat kengashi aʼzosi, «Qatar–Osiyo» parlament doʻstlik guruhi raisi Ahmad al-Hitmi qatnashdi. Oʻzbekiston tomonini Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Abdulhakim Eshmuratov hamda Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasi raisi Nodir Jumayev vakillik qildi.
Oʻzbekiston tomoni ikki mamlakat parlamentlari vakillari oʻrtasidagi aloqalarni yiliga kamida bir marta — har noyabrda masofaviy yoki yuzma-yuz formatda yoʻlga qoʻyishni taklif qildi. Qatar parlamenti aʼzolari bu tashabbusni qoʻllab-quvvatladi.
Bundan tashqari, Qatar qonun ijodkorligi sohasidagi hamkorlikni yanada yaqinlashtirish, jumladan, qonun loyihalarini tayyorlash tajribasi bilan almashish tarafdori ekanini bildirdi. Ishtirokchilar, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalar, turizm, sport, fan va taʼlim masalalarini, shuningdek, xalqaro parlament maydonlarida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni muhokama qildi.



