Oʻzbekistonda yongʻin xavfsizligi qoidalari qatʼiylashtirildi
Shavkat Mirziyoyev 2 noyabr kuni yongʻin xavfsizligi talablarini qatʼiylashtiradigan qonunni imzoladi. Yangi qoidalar 2027-yil 5-fevraldan kuchga kiradi.

Qoidabuzarlik oqibatida kelib chiqqan yongʻin uchun aybdorlar zararni toʻliq qoplashi kerak boʻladi. Agar odamlar jabrlangan boʻlsa, sud qoʻshimcha ravishda kompensatsiya tayinlashi mumkin: inson halok boʻlgan taqdirda 1,32 mlrd soʻmgacha, I guruh nogironligi uchun 660 mln soʻmgacha, sogʻliq uchun boshqa turdagi zarar yetkazilganda 264 mln soʻmgacha. Jabrlanganlar toʻlovlarni davlat jarimalarni undirib olguniga qadar kutib oʻtirmaydi.
Bozorlar va savdo markazlari binolarning oʻzini hamda tashrif buyuruvchilar oldidagi javobgarligini sugʻurtalashi shart boʻladi. Sugʻurta boʻlmasa, mansabdor shaxslarga 22 mln soʻmdan 33 mln soʻmgacha, bir yil ichida qoidabuzarlik takrorlangan taqdirda esa 44 mln soʻmgacha jarima solinadi.
Bundan tashqari, mustaqil yongʻin auditi joriy etiladi. Agar obyekt Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan akkreditatsiya qilingan tashkilotning ijobiy xulosasini olsa, unda bir yil davomida rejali tekshiruvlar oʻtkazilmaydi. Qolgan obyektlarda tekshiruvlar chastotasi yongʻin xavfi toifasiga qarab belgilanadi.
Baland qavatli binolar uchun maxsus talablar, jumladan, tutun kirmaydigan zinapoyalar, oʻt oʻchiruvchilar uchun liftlar va fasadlarni yonmaydigan materiallar bilan pardozlash talabi belgilanadi.



