Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Tojikiston Oliy Majlisi Milliy Majlisi raisini qabul qildi
4 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga kelgan Rustami Emomali bilan uchrashdi. Unda ikki tomonlama aloqalar va parlamentlar faoliyati muhokama qilindi.

4 noyabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Oliy Majlisi Milliy Majlisi raisi Rustami Emomalini qabul qildi. Rustami Emomali davlat rahbariga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Oʻzaro savdo va yuk tashish hajmi oshgani, shuningdek, sanoat, qurilish, energetika, qishloq xoʻjaligi va elektrotexnika sohalaridagi qoʻshma loyihalar qayd etildi. Qoʻshma Investitsiya kompaniyasi faoliyati ham tilga olindi.
Tomonlar poytaxtlar va hududlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish, madaniy, taʼlim va turizm almashinuvlarini yanada kengaytirish muhimligini taʼkidladilar. Qonun chiqaruvchi organlarga rahbarlar erishgan kelishuvlar va umumiy tashabbuslarni parlamentlararo komissiyalar, doʻstlik guruhlari hamda tegishli qoʻmitalar orqali ilgari surishda alohida rol ajratildi.
Uchrashuv yakunida Mirziyoyev Rustami Emomaliga «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenini topshirdi. Mukofot Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi, shuningdek, parlamentlararo muloqotni rivojlantirgani uchun berildi.



