Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Iqtisodiyot

Freedom Holding tushumi 81 foizga oshib, 910 mln dollardan ortdi

2027 moliyaviy yilining 2026-yil 30-sentabrda yakunlangan ikkinchi choragida Freedom Holding Corp. tushumi 910,1 mln dollarga yetdi. Bir yil avval bu koʻrsatkich 503,6 mln dollarni tashkil etgan.

17-noyabr, 16:28По-русски

Read in English

Flying Logos / Wikimedia Commons

Holdingning chorakdagi sof foydasi 46,1 mln dollarga, aksiya boshiga foyda esa 0,77 dollarga yetdi. Yarim yillik tushum 1,64 mlrd dollarni, sof foyda esa 77,7 mln dollarni tashkil etdi.

Oʻsishning asosiy drayverlari sugʻurta va foizli daromadlar boʻldi. Sugʻurta tushumi 102,8 mln dollardan 254,8 mln dollargacha, foizli daromadlar esa 211,7 mln dollardan 323,9 mln dollargacha oshdi. Bundan tashqari, holding valyuta operatsiyalaridan 26,7 mln dollar daromad oldi. Bunga asosan chorak davomida tenge kursining 8 foizga mustahkamlangani sabab boʻldi. Shu bilan birga, xarajatlar deyarli ikki baravar oshib, 859,9 mln dollarni tashkil etdi.

Guruhning sentabr oyi oxiridagi jami aktivlari 16,6 mlrd dollarga, oʻz kapitali esa 2 mlrd dollarga yetdi. Mijozlar bazasi 9,3 mln nafargacha oshdi, ulardan 6,4 mln nafari Freedom SuperAppʼdan foydalanadi. Hamkorlar hisobga olinganda, ekotizim 14,3 mln mijozni qamrab oladi.

Hisobot davrida S&P guruhning qator kompaniyalari reytinglarini oshirdi va prognozni «ijobiy» darajagacha yaxshiladi. Moodyʼs ilk bor «Freedom Bank Kazakhstan» va holding tarkibidagi ikkita sugʻurta kompaniyasiga reyting berdi. Bundan tashqari, Freedom rahbari Timur Turlov FIDE prezidenti etib saylandi.