Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Jamiyat

Navoiyda Instagramda mashhur boʻlish uchun qoʻlida «avtomat» bilan mashina haydagan yigitlar hibsga olindi

Navoiy viloyatida sud Instagramga drift va soxta qurol aks etgan videolarni joylagan ikki yoshga maʼmuriy qamoq jazosi tayinladi.

18-noyabr, 18:49По-русски

Read in English

Navoiy viloyatida ikki yosh bunday videolarni eʼlon qilgani uchun javobgarlikka tortildi, deya xabar berdi viloyat IIB matbuot xizmati. Idora xodimlari «Xavfsiz va sogʻlom mamlakat» tezkor-profilaktika tadbirlari davomida qoidabuzarlarning shaxsini aniqladi.

22 va 24 yoshli yigitlar Instagramda sahifalar ochib, avtomobil poygalari va oʻqotar qurollar aks etgan videolarni muntazam joylab borgan. Ularga Karmana tumani va Navoiy shahridan yana sakkiz nafar poyga ishqibozi qoʻshilgan.

Videolarda ishtirokchilar oynalari qoraytirilgan, davlat raqam belgilari yechib olingan avtomobillarda drift qilgan. Mashinalar koʻzdan kechirilganda videolardagi qurol asl emasligi aniqlangan. Avtomobillar jarima maydonchasiga joylashtirildi, materiallar esa Navoiy shahar jinoyat ishlari boʻyicha sudiga yuborildi.

Sud ikki yigitning xatti-harakatlarini jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini buzish bilan bogʻliq mayda bezorilik deb baholadi. Ularga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi. Ishtirokchilardan biri videolarni ijtimoiy tarmoqlarda mashhur boʻlish uchun joylaganini aytdi. Ikkinchisi esa shu sababli ishdan ayrilganini maʼlum qildi.