Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Jamiyat

Toshkentda ikki yashirin call-markaz fosh etildi: 70 dan ortiq kishi qoʻlga olindi

Guruhlardan biri noqonuniy onlayn kazinolar uchun toʻlovlarni amalga oshirgan, ikkinchisi esa tanishuv saytlarida erkaklarni aldagan.

16-noyabr, 15:27По-русски

Read in English

uzbekistanobserver.com

Toshkent shahar IIBBning kiberjinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha xodimlari poytaxtning Mirobod tumanida ikki yashirin call-markazni aniqladi. Bu haqda boshqarma xabar berdi.

Ularning eng kattasi Fargʻona-1 koʻchasidagi 9 ming dollarga ijaraga olingan xususiy uyda faoliyat yuritgan. U yerda 52 kishi qoʻlga olindi. Tergov maʼlumotlariga koʻra, ular bank kartalari orqali noqonuniy onlayn kazinolar va bukmekerlik idoralari uchun toʻlovlarni amalga oshirgan, yaʼni amalda noqonuniy biznesdan tushgan pullarni legallashtirgan. Tintuv vaqtida 110 ming dollar naqd pul, 71 ta noutbuk, 278 ta mobil telefon va Starlink sunʼiy yoʻldosh internetining uchta terminali olib qoʻyildi.

Ikkinchi call-markaz Katta Mirobod koʻchasidagi 2 ming dollarga ijaraga olingan xonada aniqlangan. Bu yerda 20 kishi ishlagan. Ular internetdagi firibgarlik bilan shugʻullangan: oʻzlarini ayol sifatida tanishtirib, erkaklar bilan tanishgan, ularning ishonchiga kirgan va turli bahonalar bilan pullarini undirgan. Guruhdan 24 ta noutbuk, bitta planshet, 52 ta telefon va toʻrtta Wi-Fi-router olib qoʻyildi.

Har ikki guruhda rahbarlar, boshqaruvchilar, operatorlar va qoʻriqchilardan iborat aniq iyerarxiya boʻlgan. Ularning faoliyati orqali 576 ming dollarlik kriptoaktivlar aylangan. Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi («Kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi qonunchilikni buzish») boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, tergov davom etmoqda.

Toshkent shahar IIBB koʻchmas mulk egalarini ijarachilar nima bilan shugʻullanayotganini tekshirishga va ijara shartnomalarini qonuniy tartibda rasmiylashtirishga chaqirdi. Boshqarma jinoyatchi guruhlarga, hatto buni bilmagan holda yordam berganlik uchun ham javobgarlik nazarda tutilganidan ogohlantirdi.