The Motley Fool hisobicha, bozor qulaganda Nvidia eng asosiy xaridga aylanishi mumkin
Material muallifi Nvidia aksiyasi bozor qulaganidan keyin boshqalarga qaraganda tezroq tiklanadi, deb hisoblaydi. U bunga dalil sifatida AI chiplari talabi va kompaniyaning moliyaviy resurslarini keltiradi.

S&P 500 indeksining kapitalizatsiyasidagi qariyb 10 foiz bevosita AI rivoji bilan bogʻliq, yana 40–50 foizi esa bilvosita ushbu sohaga qaram. Shu sababli bozor pasayganida, muallifning fikricha, AI aksiyalari, ehtimol, birinchi boʻlib arzonlashadi. Biroq uning qarashicha, bunday ssenariyda Nvidia eng yaxshi xaridga aylanadi.
Hozir kompaniyaning tushumi va foydasi yiliga qariyb 100 foizga oʻsmoqda, yaqin yillarda esa yillik oʻsish 50–100 foizni tashkil etishi mumkin. Shu bilan birga, CEOning keskin almashishi, tartibga solish bilan bogʻliq xatarlar va aylanma moliyalashtirish haqidagi ayblovlar sabab Nvidiaʼning P/E koʻrsatkichi 16,2 gacha, forvard P/E koʻrsatkichi esa 9,6 gacha tushdi.
Oʻtgan chorakda kompaniya $43 mlrd miqdorida erkin pul oqimi yaratdi. Aksiyalarni qayta sotib olish dasturi doirasida uning yana $227 mlrd mablagʻi qolgan. Inqiroz davrida bu Nvidiaʼga aksiyalarni chegirma bilan qayta sotib olish, tadqiqot va ishlanmalarga kiritiladigan sarmoyani oshirish hamda raqib kompaniyalarni sotib olish imkonini beradi.
Muallif McKinsey tadqiqotiga tayanadi: moliyaviy ahvoli mustahkam kompaniyalar iqtisodiy pasayishlardan sezilarli darajada kuchliroq chiqadi. BlackRock esa AI hisoblashlariga boʻlgan talab eksponensial surʼatda oʻsayotganini va hozircha sekinlashuv alomatlari yoʻqligini qayd etadi.



