Xitoy Turkiyaning quyosh va shamol energetikasiga 15 mlrd dollar kiritadi
Yangi stansiyalarning umumiy quvvati 7 GVtni tashkil etishi kerak — bu butun bir megapolisning energiya isteʼmoliga teng

Turkiya Xitoy bilan quvvati 7 GVt boʻlgan quyosh va shamol loyihalariga qariyb 15 mlrd dollar jalb etish haqida dastlabki kelishuvni imzoladi. Muddatlar va moliyalashtirish tafsilotlari oshkor etilmadi.
Dastlabki kelishuv Turkiyadagi quyosh va shamol energetikasi loyihalariga qariyb 15 mlrd dollar jalb etishni nazarda tutadi. Ularning umumiy oʻrnatilgan quvvati 7 GVtni tashkil etishi kerak. Hujjat energiyani saqlash hamda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishni ham qamrab oladi.
Turkiya energetika vaziri Alparslan Bayraktar hamkorlik mamlakat ichida shamol turbinalari uchun uskunalar ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida texnologiyalar almashinuvini oʻz ichiga olishi mumkinligini maʼlum qildi. Kelishuv Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻan va Xitoy vitse-prezidenti Han Chjenning muzokaralaridan keyin imzolandi.
Han Chjenning soʻzlariga koʻra, Pekin Xitoy kompaniyalarini Turkiyaga sarmoya kiritishga ragʻbatlantirishga tayyor va qayta tiklanuvchi energetikani hamkorlikni kengaytirish yoʻnalishlaridan biri deb hisoblaydi.
Sentyabr oxiriga kelib, Turkiyaning quyosh va shamol energetikasi quvvati 43,8 GVtga yetdi — bu mamlakat energetika tizimining umumiy oʻrnatilgan quvvatining uchdan biridan biroz koʻproqdir. Milliy strategiya doirasida hukumat bu koʻrsatkichni 2040-yilgacha 175 GVtga yetkazishni va energiya isteʼmolining katta qismini neft hamda gazdan elektr energiyasiga oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
Bayraktar Turkiyaning 2040-yilgacha energetikaga oʻtish uchun investitsiyalarga ehtiyojini taxminan 300 mlrd dollarga baholagan. Uning soʻzlariga koʻra, bu mablagʻni jalb qilish uchun xalqaro hamkorlik va investorlar uchun oldindan prognoz qilinadigan shart-sharoitlar zarur boʻladi.
Yana oʻqing

Dunyo Trampning yangi bojlariga munosabat bildirmoqda, AQSh aksiyalari keskin tushmoqda
Iqtisodiyot26-noyabr, 19:59
Nega Xiaomi avtomobil savdosini oshirayotgan boʻlsa-da, zarar koʻrmoqda
Iqtisodiyot26-noyabr, 19:56
