Keyt Midlton saraton hayotini qanday oʻzgartirgani haqida gapirdi
Boʻlajak Heal filmi parchasida Uels malikasi Ketrin «saraton» tashxisi qoʻyilganidan keyin avvalgi hayotiga qaytishi qiyin boʻlayotganini aytdi.

Kensington saroyi dushanba kuni kechqurun Heal hujjatli filmining 29 noyabr kuni BBC One telekanalida boʻlib oʻtadigan premyerasi oldidan undan bir parchani eʼlon qildi. Uels malikasi Ketrin kasallik uning tanasi va hayotga munosabatini oʻzgartirganini, bunday tajribadan keyin avvalgidek inson boʻlib qolish qiyinligini aytdi.
Film tashxis qoʻyilganidan keyingi davr va tiklanishga bagʻishlangan. Ketrin boshqa odamlarga tashxis qoʻyilishi, davolanishi va saratondan keyingi hayotni boshdan kechirishda yordam bermoqchi ekanini, shuningdek, bemorlarni kompleks qoʻllab-quvvatlash, jumladan, ularning farovonligi va hayot sifatiga eʼtibor qaratmoqchi ekanini maʼlum qildi.
Heal filmida malika Three Peaks Challenge sinovini boshdan kechirayotgani va onkologik kasalliklarga chalingan boshqa bemorlar bilan uchrashayotgani koʻrsatiladi. 2025 yil yanvarida u remissiyada ekanini maʼlum qilgan. Iyun oyida Ketrin The Royal Marsden Cancer Charity uchun mablagʻ toʻplash maqsadida koʻtarilishni yakunladi.
Oʻttiz daqiqalik film 29 noyabr kuni BBC telekanalida namoyish etiladi. Shundan soʻng u 30 noyabr kuni AQShda, 1 dekabr kuni Avstraliyada va 7 dekabr kuni Kanadada namoyish qilinadi. Tarqatishdan tushgan barcha mablagʻ The Royal Marsden Cancer Charity xayriya tashkilotiga yoʻnaltiriladi.



