Verhoeven Uaylderga qarshimi? Kikboksing yulduzi Fyuri — Joshua oqshomida Opetayyaning oʻrnini egallashi mumkin
Deontey Uaylder Tayson Fyuri va Entoni Joshua jangi anderkartidagi bahs uchun yangi raqib izlamoqda. Boks oqshomi 11-dekabr kuni Kardiffdagi «Principality» stadionida boʻlib oʻtadi.

Dastlab Uaylder birinchi ogʻir vazn yulduzi Jay Opetayya bilan jang qilishi kerak edi. Biroq avstraliyalik superogʻir vazndagi jangdan voz kechdi va oʻz vazn toifasida qoladi. Uaylder turnir kardidan chiqarib tashlanmaydi, tashkilotchilar esa unga yangi raqib izlamoqda.
Variantlardan biri niderlandiyalik kikbokschi Riko Verhoeven boʻlishi mumkin. U bu yil boksdagi debyutini darhol WBC jahon chempionligi unvoni uchun Aleksandr Usikka qarshi jangda oʻtkazdi.
Gizada boʻlib oʻtgan oʻsha jangda Verhoeven kutilmaganda munosib ishtirok etdi va sensatsiya qayd etish uchun jiddiy xavf tugʻdirdi, biroq 11-raundda Usik baribir uni toʻxtatdi.
Hozir niderlandiyalik sportchi keyingi qadamini tanlamoqda. Uning jamoasi Opetayya oʻrniga Uaylderga qarshi ringga chiqish variantini ham istisno qilmayapti.
«Hozir koʻplab qiziqarli voqealar yuz bermoqda. Biz Riko uchun bir nechta yorqin variantni koʻrib chiqyapmiz, ammo uni oʻzingiz bilasiz — u har doim katta jangga tayyor. Yaqin kunlarda nima boʻlishini koʻramiz», — dedi Verhoevenning menejeri Karim Erzha Sky Sports telekanaliga.



