Oʻzbekiston va Hindiston dori vositalari sifati hamda xavfsizligi ustidan nazoratni kuchaytiradi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Hindistonda farmatsevtika sohasidagi hamkorlik, jumladan, dori vositalarini standartlashtirish va mutaxassislarni oʻqitishni ham qamrab olgan memorandum hamda protokolni imzoladi.

Ilmiy safar davomida oʻzbekistonlik mutaxassislar Dehlidagi «Jamia Hamdard» universitetida oʻtkazilgan konferensiyada Oʻzbekiston Davlat farmakopeyasining ikkinchi nashri ustida olib borilayotgan ishlarni taqdim etdi. Milliy farmakopeyani tayyorlash ishlari mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Delegatsiya mazkur universitet qoshidagi Unani tibbiyoti boʻyicha ilgʻor tadqiqotlar markazida oʻzbekistonlik olimlarning dorivor oʻsimliklarni standartlashtirish, xomashyoning haqiqiyligini aniqlash va zamonaviy tahlil usullarini qoʻllash borasidagi tajribasini oʻrgandi. Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzoladi.
Shundan soʻng delegatsiya Gʻozioboddagi Hindiston Farmakopeya komissiyasiga tashrif buyurdi. Ishtirokchilar farmakopeya standartlarini ishlab chiqish, dori vositalari sifati nazorati va xavfsizligini muhokama qildi. Hindiston tomoni komissiyaning soʻnggi nashrlarini hamda dori vositalarining nojoʻya taʼsirlarini oʻrganuvchi farmakonazorat dasturini taqdim etdi.
Komissiya bilan imzolangan protokol oʻzbekistonlik mutaxassislarning uning treninglarida bepul qatnashishini va farmakopeya maqolalarini uygʻunlashtirish boʻyicha kelishuvlarni tezlashtirishni nazarda tutadi. Hamkorlik milliy farmatsevtika sanoatining jahon talablariga moslashishiga yordam berishi kerak.



