Amazon kompaniyasiga tegishli Ring 250 dollarlik uchuvchi kamera va 1000 dollarlik qoʻriqchi robotni chiqaradi
Amazon kompaniyasiga tegishli Ring brendi Robotics nomli yangi yoʻnalishni ishga tushirdi. Uning ilk mahsulotlari xonalar boʻylab mustaqil harakatlanadigan ikki kamera boʻldi: 249,99 dollarlik Ring Drone Cam droni va 999,99 dollarlik Rover Cam roboti.

Ring uchuvchi kamerasini ilk bor 2020 yilda namoyish qilgan, biroq u sotuvga chiqmadi. Endi dron yanvar oyida sotuvga chiqariladi. Bu uy uchun kuzatuv kamerasi: kerak boʻlmaganda dron dok-stansiyada turadi va xalaqit bermaydi, zarur boʻlsa esa xonalarni aylanib chiqadi. Parvoz yoʻnalishlarini jadval asosida sozlash mumkin. Ring tizimida sensor ishga tushsa, dron nima boʻlganini tekshirish uchun oʻzi uchib chiqadi. Kamera faqat parvoz vaqtida yoqiladi. Kompaniya dron ataylab koʻzga tashlanadigan va shovqinsiz boʻlmagan qilib yaratilganini taʼkidlaydi: u koʻrinib turishi va eshitilishi kerak.
Ikkinchi qurilma — Rover Cam — Amazonʼning uy roboti Astro negizida yaratilgan. U xona boʻylab gʻildiraklarda harakatlanadi, jadval asosida patrullik qiladi va ishga tushgan sensorlarni ham oʻzi tekshiradi. Robotda videoni 4K formatida uzluksiz yozib boradigan surilma kamera, ikki tomonlama audioaloqa hamda begona shaxslarni qoʻrqitish uchun oʻrnatilgan sirena bor.
Rover Cam, avvalo, biznes uchun moʻljallangan. Oldindan buyurtma berish allaqachon boshlangan, sotuvlar esa 16 dekabrda start oladi.



