Vachovski opa-singillari Warner Bros.dan «Matrisa» franshizasiga boʻlgan huquqlarni qaytarib olish niyatida
Lana va Lilly Vachovski studiyani mualliflar avval topshirgan mualliflik huquqlarini qaytarib olishga imkon beruvchi qonundan foydalanish niyatidan xabardor qildi.

«Matrisa» yaratuvchilari Lana va Lilly Vachovski avval Warner Bros.ga berilgan franshizaga boʻlgan huquqlarni qaytarib olish jarayonini boshladi. Puck nashri xabariga koʻra, rejissyorlar studiyani AQSh qonunchiligidagi tegishli mexanizmdan foydalanish niyatidan rasman xabardor qilgan. Agar talab qanoatlantirilsa, AQShda turkumga boʻlgan huquqlar 2029-yil fevralidayoq ularga qaytishi mumkin.
Bu vaziyat «Matrisa»ning beshinchi filmi ustida ish olib borilayotgan bir paytda yuzaga keldi. Ssenariynavis va rejissyor Dryu Goddard davomini tayyorlamoqda, biroq huquqlar qaytarilganidan keyin studiyaga franshizani rivojlantirishni davom ettirish uchun Vachovski opa-singillari bilan yangi kelishuv tuzishga toʻgʻri kelishi mumkin.
AQSh qonunchiligi muayyan shartlar asosida mualliflarga avval berilgan huquqlarni belgilangan muddat oʻtgach qaytarib olish imkonini beradi, bu muddat odatda 35 yilni tashkil etadi. Biroq ushbu mexanizm «Matrisa»ga tatbiq etiladimi, degan savol ochiq qolmoqda: Warner Bros. film studiyaning buyurtmasi asosida yaratilgan asar sifatida shartnoma boʻyicha ishlab chiqilganini isbotlasa, talabga qarshi chiqishi mumkin.
Ehtimoliy kelishmovchiliklarga qaramay, huquqlarning qaytarilishi beshinchi qism bekor qilinishini anglatishi shart emas. Puck maʼlumotiga koʻra, Vachovski opa-singillari davomi uchun yangi konsepsiyani qoʻllab-quvvatlamoqda va soʻnggi vaqtlarda uni muhokama qilishda hatto faolroq ishtirok etmoqda.
Shunday qilib, kutilayotgan vaziyat, avvalo, rejissyorlar bilan studiya oʻrtasidagi hamkorlik shartlarini qayta koʻrib chiqishga olib kelishi mumkin, franshizani rivojlantirishni toʻxtatishga emas.



