Tesla AI5 chipini Optimus robotiga beradi, avtomobillar AI4’da qoladi
Ilon Mask Tesla keyingi AI5 chipini Optimus robotiga moʻljallashi, avtomobillar esa avtonom haydash uchun yetarli AI4’da qolishini bildirdi.

Tesla rahbari Ilon Mask bu haqda 22 noyabr kuni X platformasida Hardware 3 kompyuterli Model Y egasiga javoban maʼlum qildi. Uning aytishicha, avtomobillar AI4’da qoladi, AI5 esa Optimus robotida qoʻllanadi.
Mask avvalroq AI4 haydovchining doimiy nazoratisiz, inson darajasidan yuqori avtonom haydash uchun yetarli ekanini aytgan. U aprel oyida AI5’dan asosan Optimusʼda va sunʼiy intellektni oʻqitish uchun moʻljallangan hisoblash klasterlarida foydalanilishini, avtomobillarda esa ishlatilmasligini bildirgan.
AI4, shuningdek Hardware 4 nomi bilan tanilgan boʻlib, Teslaʼning yangi avtomobillariga oʻrnatiladi va Full Self-Driving tizimining soʻnggi versiyalarida qoʻllanadi. Kompaniya xotira hajmi oshirilgan va unumdorligi biroz yuqori AI4+ yoki AI4.5 oraliq modifikatsiyasini muhokama qilgan. Maskning soʻzlariga koʻra, komponentlar narxi oshgani sababli AI4’ning oʻzi shu vaqt ichida qariyb ikki baravar qimmatlashgan.
Shu bilan birga, Tesla Hardware 3 oʻrnatilgan avtomobil egalari uchun nazoratsiz avtonom haydashni vaʼda qilmayapti. Maskning aytishicha, egalari avtomobillarini yangilashni istasa, kompaniya ular uchun yangi kameralar va kompyuter oʻrnatiladigan modernizatsiya rejasini tayyorlaydi. AI5 konstruksiyani tayyorlash bosqichidan oʻtib, tajriba ishlab chiqarishga kirgan; uni katta hajmda ishlab chiqarish 2027 yilga rejalashtirilgan.



