Hindiston viza rasmiylashtirishni yengillashtiradi: maydonlar va toifalar soni kamayadi
Hindiston yil oxirigacha elektron viza arizalaridagi majburiy maydonlar sonini 65–70 foizga qisqartiradi. Shuningdek, rasmiylar viza toifalari va kichik toifalari sonini kamaytiradi.

Hindiston Ichki ishlar vazirligi viza anketalarini soddalashtirish rejalashtirilganini maʼlum qildi. Yangilangan shakllar yil oxirigacha joriy etilishi kerak, biroq olib tashlanadigan maydonlarning aniq roʻyxati hozircha oshkor etilmadi.
Asosiy viza toifalari soni 13 tadan toʻqqiztagacha, kichik toifalar soni esa 49 tadan 23 tagacha qisqartiriladi. Sayyohlik vizasi ruxsat etilgan maqsadlarning kengroq roʻyxatini, jumladan, ish uchrashuvlari, tibbiy maslahatlar va qisqa muddatli kurslarni hisobga olish uchun qayta nomlanadi.
Vazirlikning taʼkidlashicha, oʻzgarishlar anketalarni toʻldirishga ketadigan vaqtni qisqartirishi hamda ularni tekshirish va koʻrib chiqish samaradorligini oshirishi kerak.



