Opetaya Fyuri — Joshua oqshomida Uaylderga qarshi jangdan chiqdi
Jay Opetaya 11 dekabrda Kardiffda Fyuri — Joshua oqshomida oʻtkazilishi kerak boʻlgan Deontey Uaylderga qarshi jangdan chiqdi. Rasmiy sabab aytilmadi.

Avstraliyalik birinchi ogʻir vazn chempioni Jay Opetaya ilk bor ogʻir vaznda ringga chiqib, Principality Stadiumda amerikalik Deontey Uaylder bilan jang qilishi kerak edi. Mavjud maʼlumotga koʻra, u mashgʻulotda bilagidagi jarohatni ogʻirlashtirgan.
Opetaya Instagramʼda Uaylder va uning jamoasidan uzr soʻradi. Shuningdek, jangni raqibining kuchli oʻng zarbasi sabab tark etgani haqidagi taxminlarni rad etdi. Bokschi birinchi ogʻir vaznda mutlaq chempion boʻlish maqsadini saqlab qoldi. U professional faoliyatidagi 31 jangning barchasida gʻalaba qozongan.
Uaylder oqshom dasturida qoladimi, hozircha nomaʼlum. Opetayaga oʻrinbosar boʻlish uchun bir nechta britaniyalik ogʻir vazn bokschisi daʼvogarlik qilmoqda. Derek Chisora aprelda Londonda hakamlarning boʻlingan qarori bilan magʻlub boʻlganidan keyin revansh oʻtkazishni taklif qildi. Richard Riakpor, Olimpiadaning bronza medali sovrindori Freyzer Klark va Jonni Fisher ham jangga chiqishga tayyorligini bildirdi.
Tayson Fyuri va Entoni Joshua jangi, kutilishicha, ogʻir vaznda WBA Super chempionlik unvoni uchun oʻtkaziladi. Bokschilarning ringga chiqishi Grinvich vaqti bilan 12 dekabr kuni soat 01:00 dan oldin boʻlmasligi rejalashtirilgan.



