BAFTA kino mukofoti uzoq yillik homiysi EEʼdan ayriladi
EE BAFTA kino mukofoti homiyligini 2027-yildan keyin uzaytirmaydi. Tashkilot 2028-yil marosimi uchun homiyni almashtirish masalasini ehtimoliy hamkorlar bilan muhokama qilmoqda.

Britaniyaning aloqa operatori va internet provayderi EE BAFTA kino mukofotini 2027-yilgi marosimdan soʻng qoʻllab-quvvatlashni yakunlaydi. Kompaniya 2013-yildan mukofotning titulli homiysi boʻlgan. Undan avval esa shu guruh tarkibidagi Orange 1998-yildan BAFTA bilan hamkorlikni davom ettirgan.
BAFTA vakilining aytishicha, tashkilot EE qaroridan 2025-yil oxirida xabar topgan. Uning soʻzlariga koʻra, shartnomani uzaytirmaslikka faqat kompaniyaning biznes strategiyasi sabab boʻlgan. Amaldagi kelishuv 2027-yil oxirigacha amal qiladi, oʻshanda hamkorlikning 30 yilligi nishonlanadi.
BAFTA 2028-yilda kino mukofotlarini topshirish marosimini qoʻllab-quvvatlay oladigan ehtimoliy homiylar bilan muzokara qilmoqda. EE shuningdek Rising Star mukofoti bilan ham bogʻliq. Televizion BAFTA mukofotining titulli homiysi esa P&O Cruises boʻlib qolmoqda.
EE qarori tashkilot uchun oʻtgan yilgi marosim atrofidagi bahsdan keyingi navbatdagi muammoga aylandi. Oʻshanda BBC taqdirlash marosimida yangragan irqchilik mazmunidagi gapni, translyatsiya ikki soatga kechiktirilganiga qaramay, efirga uzatgan. Avvalroq Michael myuzikli marosimda qatnashmasligi ham maʼlum boʻlgan, biroq bu qarorning rasmiy sababi aytilmagan.



