Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Stubb bilan uchrashdi
Shavkat Mirziyoyev Antalyadagi iqlim konferensiyasida Aleksandr Stubb bilan savdo, qoʻshma loyihalar va ekologik hamkorlikni muhokama qildi.

Oʻzbekiston va Finlandiya prezidentlarining uchrashuvi Turkiyaning Antalya shahrida BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha 31-konferensiyasi doirasida boʻlib oʻtdi. Tomonlar Finlandiya prezidenti oʻtgan yili Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalasini muhokama qildi.
Muloqot markazida oʻzaro savdoni oshirish hamda metallurgiya, energetika va geologiya sohalaridagi qoʻshma loyihalarni jadallashtirish masalalari boʻldi. Shuningdek, ekologiya va suv resurslari sohasidagi hamkorlik koʻrib chiqildi.
Tomonlar Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va biznes-forumni 2027-yil boshida oʻtkazish muhimligini taʼkidladilar. Bundan tashqari, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.



