Apple Pay Uzcard va Humo kartalarini qoʻshish imkonini berdi
Apple Pay Humo va Uzcard kartalarini integratsiya qila boshladi: dastlab ularni Xalq banki va Octobank mijozlari Walletʼga qoʻsha oladi.

Oʻzbekistonda Apple Pay milliy toʻlov tizimlari kartalarini integratsiya qila boshladi, deb xabar berdi Markaziy bank. Dastlab servis Xalq bankining Humo kartalari va Octobank chiqargan Uzcard kartalarini qoʻllab-quvvatlaydi.
Bu banklar mijozlari kartalarini Apple Wallet ilovasiga qoʻshib, iPhone, Apple Watch va boshqa Apple qurilmalari yordamida xaridlar uchun kontaktsiz toʻlov qilishi mumkin.
Apple Pay Oʻzbekistonda 27-oktabrda ishga tushgan. Oʻshanda servis sakkizta mahalliy bankning Visa va oltita bankning Mastercard kartalarini qoʻllab-quvvatlagan. Apple ayrim banklar kartalarning barcha turlarini qoʻllamasligi mumkinligidan ogohlantirgan.
Ishga tushirilgan kuni Markaziy bank milliy toʻlov tizimlari kartalarini ulash ustida ish olib borilayotganini bildirgan. Iyul oyida Markaziy bank Toʻlov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmanov banklar, Humo va Uzcard Apple hamda Google bilan texnik integratsiya qilayotganini aytgandi. Uning soʻzlariga koʻra, tokenizatsiya Uzcard va Humo kartalarini toʻlov servislariga qoʻshish imkonini beradi.



