NBA Yevropa arenalariga qariyb 10 mlrd yevro sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda
NBA 2027 yilga qadar FIBA bilan yangi professional liga tashkil etishga tayyorgarlik doirasida Yevropadagi arenalarni rivojlantirish va yangilashga sarmoya kiritadigan kompaniyalarni jalb qildi.

Mablagʻlar nafaqat sport inshootlariga, balki ularga tutash hududlarni rivojlantirishga ham yoʻnaltirilishi kutilmoqda. Rejalarga uy-joylar, ish joylari, restoranlar, doʻkonlar va yil davomida odamlarni jalb qiladigan jamoat hududlari kiradi.
Boʻlajak klublar va mulkdorlar guruhlari zamonaviy arenalar hamda ularning atrofidagi infratuzilmani yaratish uchun NBA kapitali va ekspertizasidan foydalanish imkoniga ega boʻladi. Ushbu tashabbus NBA va FIBAning 2027 yilda Yevropada yangi professional basketbol tizimini ishga tushirish rejalari doirasiga kiradi.
NBA komissari Adam Silver zamonaviy arenalar va ular bilan bogʻliq loyihalar jamoalarga muxlislar tajribasini yaxshilash hamda koʻproq tadbirlarni jalb qilishga yordam berishi mumkinligini aytdi.
Eʼlonda keltirilgan The Sports Consultancy tadqiqotiga koʻra, yangi liga Yevropa iqtisodiyotiga 24 mlrd yevrodan ortiq yalpi qoʻshilgan qiymat keltirishi mumkin. Shuningdek, u har yili toʻliq bandlikka teng hisobda qariyb 15 000 ta ish oʻrnini qoʻllab-quvvatlashi va dastlabki 10 yil ichida qariyb 70 mln tomoshabinni jalb qilishi mumkin.



