Delta rahbari FAA parvozlar toʻxtatilishini inson xatosi va nosoz uskuna bilan bogʻladi
Delta bosh direktori Ed Bastian FAAning mamlakat boʻylab parvozlarni toʻxtatishini nosoz uskuna va inson xatosi bilan bogʻladi. U kiberhujum yoki sunʼiy intellekt roli borligiga dalil koʻrmayapti.

Juma kuni FAA mamlakat boʻylab parvozlarni toʻrt soatdan koʻproq vaqtga toʻxtatdi, natijada qariyb 12 500 ta reys bekor qilindi. Bastian bu nosozlik sanoatga milliardlab dollarga tushganini baholadi.
Bastianning soʻzlariga koʻra, muammo FAAning Arkanzasdagi radioaloqa saytida mis liniyalardan optik tolaga oʻtish jarayonida boshlangan boʻlishi mumkin. Shundan keyin Texasdagi radiolokatsiya obyektida joylashgan marshrutizator tizimga ortiqcha yuklama bera boshlagan. Uskunani L3Harris oʻrnatgan va kompaniya tergovda ishtirok etmoqda; nosozlik oʻrnatish ishlari yoki qurilmaning oʻzi bilan bogʻliqmi, hozircha nomaʼlum.
Bastian marshrutizatorlar oʻchirib qoʻyilgach, tizim tiklanganini, biroq ularni topishga bir necha soat ketganini aytdi. Shuningdek, uskunalarni almashtirish ishlari allaqachon 70 foizdan koʻproq bajarilganini taʼkidladi. Delta rahbari nosozlik sababi aniqlanmaguncha yangi toʻxtashlarni bashorat qilmasligini va yuz bergan hodisani anomal holat deb atadi.
FAA avvalroq yovuz niyat yoki sunʼiy intellekt bilan bogʻliqlik alomatlari yoʻqligini bildirgan edi. Bastian allaqachon eʼlon qilingan maʼlumotlardan tashqari qoʻshimcha maʼlumotga ega emasligini va tergov natijalarini kutayotganini aytdi. U bu vaziyatdan havo harakatini boshqarishga ajratiladigan xarajatlarni oshirish zarurligini asoslash uchun foydalandi: AQSh maʼmuriyati bu maqsadlarga avval tasdiqlangan mablagʻlarga qoʻshimcha ravishda yana $50 mlrd yoʻnaltirmoqchi.



