Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Iqtisodiyot

Migros supermarketlari va mudofaa sanoati: Anadolu Group Oʻzbekistondagi rejalarini maʼlum qildi

Anadolu Group raisi Tunjay Ozilhan Oʻzbekistonda Migros bilan yangi loyihalar hamda mudofaa sanoatida hamkorlik qilish rejalari borligini maʼlum qildi.

20-noyabr, 15:07По-русски

Read in English

Anadolu Group soʻnggi toʻrt yil ichida Oʻzbekistonga qariyb 640 mln dollar sarmoya kiritdi, deb xabar berdi Ozilhan. Xolding chakana savdo, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati va avtomobilsozlik sohalarida, jumladan, Migros bilan qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi qoʻshma tashabbuslarni oʻz ichiga olgan yangi loyihalarni koʻrib chiqmoqda.

Migros Anadolu Group tarkibiga kiradi va 2026-yil 30-sentabr holatiga koʻra 3827 ta savdo obyektiga ega edi. Ular qatoriga doʻkonlar, ulgurji savdo maydonchalari, supermarketlar, uy yaqinidagi doʻkonlar, premium Macrocenter tarmogʻi va gipermarketlar kiradi. Tarmoq Oʻzbekistonda qachon faoliyat boshlashi mumkinligi, nechta obyekt ochish rejalashtirilayotgani va qancha sarmoya talab etilishi hozircha maʼlum qilinmagan.

Ozilhan, shuningdek, mahalliylashtirish, muhandislik salohiyatini rivojlantirish va texnologiyalarni transfer qilish asosida Oʻzbekiston bilan mudofaa sanoatida uzoq muddatli hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Hamkorlik yoʻnalishlari, ehtimoliy ishtirokchilar va muzokaralar bosqichi aniqlashtirilmagan. Hozirda xolding mamlakatda Coca-Cola İçecek, Anadolu Isuzu va Anadolu Efes orqali faoliyat yuritmoqda.