Oʻzbekistonda ChatGPT, Claude va boshqa sunʼiy intellekt xizmatlariga yangi alifboga oʻtish soʻraladi
Loyihada yangi alifboni raqamli xizmatlar va mahsulotlar qadoqlariga ham joriy etish koʻzda tutilgan.

Bu chora yangilangan alifboni joriy etish haqidagi qaror loyihasida bor.
2026–2027-yillarda OpenAI, Google, Anthropic, xAI, DeepSeek, Meta va boshqa ishlab chiquvchilarga rasmiy murojaatlar yuboriladi. Ularga amaliy yordam ham taklif etiladi. Bu yoʻnalish uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi, Taʼlim va fan vazirligi hamda Fanlar akademiyasi masʼul.
Qonun kuchga kirgach, yangi alifbo marketpleyslar, striming xizmatlari va elektron kataloglar uchun majburiy boʻladi. Bank, soliq va bojxona tizimlaridagi dasturiy taʼminot hamda bankomatlar interfeyslari esa bundan oldin yangilanadi.
2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgacha qadoqlarda ikkala alifbodan ham foydalanish mumkin boʻladi. Shundan keyin yangi buyurtmalar boʻyicha qadoqlar faqat yangilangan alifboda chop etiladi. Eski zaxiralarni 2029-yil 22-aprelgacha ishlatishga ruxsat beriladi. Eski belgilarga ega mahsulotlarni yaroqlilik muddati tugaguncha sotish mumkin.
2027/2028-oʻquv yilidan boshlab birinchi sinf oʻquvchilari yangi alifboda taʼlim ola boshlaydi. Hujjatlarni almashtirishda ular yangi qoidalar asosida rasmiylashtiriladi.
Loyiha 6-dekabrgacha muhokama qilinadi.



