«Yashil makon» bahorgi koʻchatlarining uchdan biri nobud boʻldi, yana qoʻshib yozishlar aniqlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» loyihasi ijrosini tanqid qildi: Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarida rejalar bajarilishi ortda qolmoqda, bahorgi koʻchatlarning uchdan biri nobud boʻlgan.

Chorshanba kungi yigʻilishda Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalasi ham muhokama qilindi. Investitsiya loyihalari uchun har kuni manzilli nazorat oʻrnatish, maydonlarni tayyorlashni esa shahar direksiyasi orqali tashkil etish topshirildi. Muhandislik tarmoqlari, yoʻllar va boshqa infratuzilma obyektlari binolarni foydalanishga topshirish paytiga qadar tayyor boʻlishi kerak.
Daraxt ekishning kuzgi mavsumi 8 noyabrda boshlandi. Mirziyoyev oʻsimliklarni iqlim va tuproqni hisobga olgan holda tanlash, sugʻorish tizimlarini yaratish hamda joriy yilda ekilgan koʻchatlarning 90−95 foizi tutib ketishini taʼminlashni topshirdi. Har bir mahallada har bir aholi jon boshiga kamida uchta daraxt ekilishi kerak.
Yigʻilishda mahalliy gullar va manzarali oʻsimliklar koʻchatxonalarini ochish taklif qilindi. Koʻp sugʻorishni talab qiladigan maysazorlar oʻrniga seloziya, rayhon, kekik va mahalliy butalardan kengroq foydalanish tavsiya etildi. Mahalla raislari va oʻrmon xoʻjaligi xodimlariga yashil hududlarni parvarish qilish uchun javobgarlikni oshirish topshirildi.



