Oʻzbekiston 2030-yilgacha velosportni rivojlantirish maqsadlarini belgiladi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev velosportni rivojlantirish haqidagi qarorni imzoladi: 2030-yilgacha muntazam shugʻullanuvchilar sonini 30 minggacha yetkazish rejalashtirilgan.

Hujjatda milliy terma jamoani Osiyodagi qitʼa velosport musobaqalarida kuchli uchlikka kiritish koʻzda tutilgan. Shuningdek, olimpiya litsenziyalari sonini oshirish va medallar uchun kurashish rejalashtirilgan.
2027-yil martidan boshlab mamlakatda aholini velosportga jalb qilish uchun musobaqalar va ommaviy tadbirlar muntazam oʻtkaziladi. Oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun «Talabalar kubogi», zarur infratuzilmaga ega maktablarning yuqori sinf oʻquvchilari uchun esa «Direktor kubogi» tashkil etiladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar «Sizning imkoniyatlaringiz» paravelosport musobaqalariga taklif etiladi. Vazirlik va idoralar xodimlari uchun «Yangi Oʻzbekiston» bellashuvlari oʻtkaziladi. Yana ikki velomarafon: 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollar oʻrtasida va «22-sentabr — Avtomobilsiz kun» aksiyasi doirasida aholi oʻrtasida tashkil etiladi.
Velosport mahorati boʻyicha Respublika maktab-internati milliy terma jamoalar uchun istiqbolli sportchilarni tayyorlashni davom ettiradi. Muassasada 6–11-sinflardagi 100 nafar oʻquvchidan iborat kontingent saqlanadi, 2027/2028-oʻquv yilidan esa tarbiyalanuvchilarning 20 foizi paravelosport yoʻnalishida taʼlim oladi. «Oʻzbekistonning yangi olimpiya choʻqqilari» musobaqalari doirasida velosport boʻyicha startlar ham muntazam oʻtkaziladi.
2027/2028-oʻquv yili boshlanguniga qadar maktab-internat Oʻzbekiston Velosport federatsiyasi bilan birgalikda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun videomateriallar tayyorlaydi.
Toshkentda 2027-yil martidan boshlab hokimlik mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan «Toshkent tajribasi»ni tajriba tariqasida joriy qila boshlaydi. 2027–2028-yillarda zarur infratuzilmaga ega maktablarni bosqichma-bosqich velosipedlar bilan taʼminlash va murabbiylar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.



