AQSh Xitoy, Rossiya va Eronning xorijiy bulutli platformalar orqali AI chiplariga kirishi ustidan nazoratni kuchaytiradi
AQSh Savdo vazirligi Xitoy, Rossiya, Eron va cheklovlar qoʻllanadigan boshqa yurisdiksiyalardagi kompaniyalarga katta hisoblash quvvatlarini taqdim etuvchi maʼlumotlar markazlariga ilgʻor AI chiplarini yetkazib berish ustidan eksport nazoratini kengaytirmoqda.

Yangi talablar AQSh eksport cheklovlari qoʻllanadigan mamlakatlar kompaniyalarining Amerika hisoblash quvvatlaridan foydalanishini qiyinlashtirishi kerak. Gap, jumladan, Nvidia Blackwell chiplar va superintellekt tizimlari uchun serverlar haqida bormoqda.
Xorijiy maʼlumotlar markazlari mijozlarining halolligini tekshirishga majbur qilinadi. Xitoy, Rossiya va Eronda bosh qarorgohiga ega kompaniyalarga katta hajmdagi hisoblash quvvatlarini taqdim etuvchi markazlar uchun ham cheklovlar joriy etiladi. AQSh maʼmuriyati bahosiga koʻra, bu Amerika chiplaridan foydalangan holda ilgʻor sunʼiy intellekt modellarini oʻqitishni qiyinlashtirishi kerak.
Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand yoki Braziliyada bosh qarorgohiga ega kompaniyalar ilgʻor chiplarni faqat eksport litsenziyasi mavjud boʻlgandagina olishi mumkin. AQSh rasmiylari bu mamlakatlarda kontrabanda xavfi odatdagidan yuqoriroq, deb hisoblaydi. Bu qoida xitoylik kompaniyalar Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi maʼlumotlar markazlarida quvvat ijaraga olgan sxemaga yoʻlni yopishi kerak.
Reglament amerikalik tergovchilar singapurlik Megaspeed bulutli kompaniyasini tekshirayotgan bir paytda paydo boʻldi. Ular kompaniya xitoylik mijozlarga eksport nazorati ostidagi Nvidia chiplarini olishda yordam bergan-bermaganini aniqlashayotgan edi. Megaspeed Xitoyga chip yetkazib bergani haqidagi ayblovlarni rad etdi.
Nvidia hammuassisi Jensen Huang oʻtgan hafta Megaspeedʼning sobiq rahbari Elis Huang bilan nikohdan tashqari munosabatini tan olganidan soʻng bosh direktor lavozimini tark etdi. Elis Huang Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilinmoqda; shu bilan birga, Huanglar qarindosh emas.
AQShning yangi qadami prezident Donald Trampning iqtisodiy sammitda qatnashish uchun Xitoyga safaridan bir necha kun oldin amalga oshirildi. U yerda Tramp XXR raisi Si Szinpin bilan uchrashishi kerak.



