Super Bowl IMAX kinoteatrlarida namoyish etiladi
ESPN, Walt Disney va NFL Super Bowl LXI musobaqasini AQSh hamda ayrim xorijiy bozorlardagi IMAX kinoteatrlarida namoyish etishga kelishib oldi. Translyatsiya 2027-yil 14-fevralda boʻlib oʻtadi.

ESPN, Walt Disney va AQSh Milliy futbol ligasi Super Bowl LXI musobaqasini 2027-yil 14-fevralda IMAX kinoteatrlarining katta ekranlarida namoyish etishga kelishib oldi. Translyatsiya AQSh kinoteatrlarida va ayrim xorijiy bozorlarda oʻtkaziladi.
Bu ESPN uchun sport media brendi tarixidagi ilk Super Bowl boʻladi. Toʻrt soatlik efirda chempionlik uchun bahsning oʻzi, oʻyinoldi va oʻyindan keyingi studiya dasturlari, shuningdek, Jay-Z ishtirokidagi tanaffus shousi boʻladi.
Walt Disney hamkorlik translyatsiyani yanada keng auditoriyaga taqdim etish imkonini berishini maʼlum qildi. Uchrashuv Avstraliya, Yangi Zelandiya va Braziliyadagi IMAX kinoteatrlarida ham namoyish etiladi. Foyeda tomoshabinlar uchun taom va ichimliklar ham boʻladi.
ESPN avvalroq uchrashuvni yoritishning qoʻshimcha formatlarini eʼlon qilgan edi: Super Bowl LXI with Peyton and Eli dasturi ESPN2 kanalida, Super Bowl LXI Field Pass with The Pat McAfee Show — ESPNU kanalida, Super Bowl LXI Playbook with Next Gen Stats esa NFL Network kanalida namoyish etiladi. Star Wars Funday Football animatsion translyatsiyasi ilk bor Disney+, Disney Channel va Disney XD kanallarida koʻrsatiladi.



