Kanada rossiyaliklarni yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatiga kiritmaydi: amaldagi vizalar ham yordam bermaydi
Kanada hukumati IIHF va milliy federatsiyaga 2026/27 yilgi yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida rossiyalik xokkeychilarga viza bermasligini maʼlum qildi. Taqiq amaldagi vizasi bor sportchilarga ham tatbiq etiladi.

Bu haqda TSN jurnalisti va sharhlovchisi Gord Miller xabar berdi.
Taqiq Kanada vizasi allaqachon bor xokkeychilarga ham taalluqli boʻladi. Ular turnirda hatto neytral bayroq ostida ham qatnasha olmaydi.
Bungacha Sport arbitraj sudi (CAS) IIHFni 2026/27 yilgi mavsumda oʻtkaziladigan beshta jahon chempionatiga Rossiya terma jamoalarini qoʻyishga majbur qilgan edi. Biroq Kanada bosh vaziri Mark Karni viza cheklovlari sabab rossiyaliklar yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida qatnasha olmasligini aytdi.
Yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati Edmonton va Red-Dir shaharlarida 2026 yil 26 dekabrdan 2027 yil 5 yanvargacha boʻlib oʻtadi.



