Markaziy Osiyo mamlakatlari iqlim oʻzgarishi tufayli jabrlangan odamlarga yordam berishga kelishdi
Uchrashuv Xalqaro migratsiya tashkiloti koʻmagida oʻtkazildi, deb xabar berdi Oʻzbekiston Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi.

Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Gruziya vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar issiq havo, qurgʻoqchilik va suv tanqisligi odamlar hayotiga tobora yaqqolroq taʼsir koʻrsatayotganiga eʼtibor qaratdi. Bir qator hududlarda qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanish va daromad topish qiyinlashmoqda, shu sababli aholi koʻchib ketishga majbur boʻlmoqda.
Orolboʻyi hududidagi vaziyat ham alohida muhokama qilindi. Oʻzbekiston prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi Aziz Abduhakimov Orol dengizining yoʻqolishi mahalliy aholining salomatligi, daromadlari va yashash sharoitlariga zarar yetkazganini eslatdi.
Deklaratsiya mamlakatlarning hamkorlik qilish niyatini mustahkamlaydi: tajriba almashish va jabrlangan hududlar aholisini qoʻllab-quvvatlash yoʻllarini birgalikda izlash. Asosiy maqsad — odamlar hozir yashayotgan joylarida yashashi va ishlashi uchun sharoit yaratish. Agar koʻchib oʻtish muqarrar boʻlsa, koʻchishga majbur boʻlganlarga xavfsizlik va huquqlariga rioya etilishi kafolatlanishi kerak.
Hujjat, shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyevning bu sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish tashabbusini qoʻllab-quvvatlaydi.



