Yaponiya oʻzbekistonlik ishchilarga qiziqish bildirdi
Tokioda oʻzbekistonliklarni Yaponiyada ishlashga tayyorlash loyihasi muhokama qilindi: ularga til va talab yuqori kasblar oʻrgatilib, keyin Yaponiyada bevosita ish izlanadi.

Oʻzbekistonning Tokiodagi elchixonasida Yaponiyaning Muruudul kompaniyasi prezidenti Kota Tsunedzuka bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi. Tomonlar mehnat migratsiyasi va Yaponiya bozori uchun mutaxassislar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni muhokama qildi.
Loyihaga koʻra, oʻzbekistonlik yoshlar yapon tili hamda ish beruvchilar orasida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitiladi. Shundan soʻng bitiruvchilar uchun Yaponiyada bevosita ish izlanadi. Tegishli kurslar davlat organlari, hokimliklar va taʼlim muassasalari ishtirokida Andijon va Samarqand viloyatlaridagi ayrim texnikumlarda allaqachon yoʻlga qoʻyilgan.
Dasturlar qurilish, avtomobil transporti va yuk tashish, keksalarni parvarishlash hamda binolarga xizmat koʻrsatishga yoʻnaltirilgan. Muruudul kompaniyasi nafaqat taʼlim berish, balki oʻzbekistonliklarni qonuniy ishga joylashtirish uchun yapon kompaniyalari bilan hamkorlik qilish uchun ham masʼul boʻlishini bildirdi. Tomonlar kadrlar tayyorlash va Yaponiyada ishlash imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni davom ettirishga kelishib oldi.



