Project Helix toʻlaqonli Xbox konsoli boʻlib qoladi va kompyuter oʻyinlarini ishga tushiradi
Xbox vitse-prezidenti Jeyson Ronald Project Helix kompyuter oʻyinlarini qoʻllaydigan Xbox konsoli sifatida ishlab chiqilayotganini, konsol oʻyinlarini ishga tushiradigan kompyuter emasligini aytdi.

Ronald Project Helix konsepsiyasi haqida Microsoftʼning ilk konsolining 25 yilligiga bagʻishlangan jurnalda soʻzlab berdi. Uning aytishicha, qurilma Xboxʼning sodda interfeysini saqlab qolishi, biroq tajribali foydalanuvchilarga parametrlar va unumdorlikni yanada chuqurroq sozlash imkonini berishi kerak.
Microsoft konsol va kompyuter oʻyinlari oʻrtasidagi anʼanaviy tafovutni yoʻqotmoqchi. Kompaniya keyingi avlodni muayyan ekran aniqligi yoki yangilanish chastotasiga ega qurilma emas, balki yangi oʻyin imkoniyatlari, yanada chuqurroq immersiya va tasvirni qayta ishlashning zamonaviy usullariga ega platforma deb hisoblaydi.
Ronald shunday usullardan biri sifatida neyronli renderlashni tilga oldi. Uning soʻzlariga koʻra, bu usul hisoblash yuklamasi va qoʻshimcha xotira hajmini sezilarli darajada oshirmagan holda kadrlar yaratish imkonini beradi. Microsoft yaqin 3–5 yil ichida foydalanuvchilar avvalgi 10 yilga qaraganda koʻproq innovatsiyalarni koʻrishiga umid qilmoqda.
Ronald Project Helix rivojini oʻyinchilar hamjamiyatining fikr-mulohazalari bilan ham bogʻladi. Uning aytishicha, Xboxʼda talab yuqori boʻlgan koʻplab funksiyalar foydalanuvchilarning takliflari inobatga olingan holda yaratilgan. Vitse-prezidentning fikricha, yangi chiplar, uskuna va Microsoft platformasi oʻyinlarning yangi turlari paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin, biroq u aniq loyihalarni aytmadi.



