Kristian Kivu 2025/26 yilgi «Oltin skamya» mukofotini qoʻlga kiritdi
«Inter» bosh murabbiyi Kristian Kivu A Seriyaning eng yaxshi murabbiyi mukofotini 43 ovozdan 16 tasi bilan oldi. Sesk Fabregas ikkinchi, Jan Piero Gasperini uchinchi boʻldi.

Kivu mavsum yakunlari boʻyicha italiyalik murabbiylar oʻz hamkasblariga beradigan yillik mukofot — 35-«Oltin skamya» sohibiga aylandi. Italiya Futbol Federatsiyasining Koverchanodagi texnik markazida oʻtkazilgan marosimda u 43 ta haqiqiy ovozdan 16 tasini oldi.
«Como»ni boshqarayotgan Sesk Fabregas 12 ovoz bilan ikkinchi oʻrinni egalladi. «Roma» vakili Jan Piero Gasperini 9 ovoz toʻplab, uchinchi boʻldi.
2025/26 yilgi mavsumda «Inter» Kivu boshchiligida chempionlik unvoni va Italiya kubogini qoʻlga kiritdi. Ruminiyalik mutaxassis Raymon Gutals va Joze Mourinyodan keyin bu mukofotni olgan uchinchi xorijlik murabbiy boʻldi.
«Bu mukofot uchun barchaga rahmat. Uni olish ayniqsa yoqimli, chunki u boshqa murabbiylar — hamkasblarimning baholariga asoslangan», — dedi Kivu marosimda. U futbolchilar, murabbiylar shtabi, klub va oilasiga ham minnatdorlik bildirdi.



