Toshkentda HotelPro HUB Central Asia 2026 forumi boʻlib oʻtdi
HotelPro HUB Central Asia 2026 forumida 500 dan ortiq ishtirokchi investitsiyalar, mehmonxona loyihalari va xalqaro brendlar bilan hamkorlikni muhokama qildi.

Forumning ochilish marosimida Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Akkulov ishtirok etdi. U forumni mehmonxona biznesi vakillari muloqot qiladigan xalqaro maydon deb atadi va uni turizm infratuzilmasini rivojlantirish hamda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash tashabbuslari bilan bogʻladi.
Akkulovning soʻzlariga koʻra, 2026-yil 27-avgustdagi farmon bilan mehmonxonalarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlashni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari joriy etildi. Shuningdek, qator soliq va bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati uzaytirildi. Loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ayrim vazifalar Parkent tumanida tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotdan soʻng belgilandi.
Tadbirda Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlardan 40 dan ortiq kompaniyaning 500 dan ziyod vakili qatnashdi. Dastur doirasida 1 000 dan ortiq B2B uchrashuvlari, startaplar va mehmonxona biznesi uchun yechimlar taqdimotlari oʻtkazilishi koʻzda tutilgan edi. Shuningdek, sunʼiy intellekt, avtomatlashtirish, investitsiyalar va turistik hududlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Akkulovning maʼlum qilishicha, 2027-yil Barqaror va bardoshli turizm xalqaro yili deb eʼlon qilingan. Uning ochilish marosimi 27-noyabrga rejalashtirilgan.



