«Biz esa balandlikda montajchilarmiz»: Bred Pitt Appleʼning 1970-yillardagi Nyu-York quruvchilari haqidagi dramasida suratga tushadi
Aktyor Bred Pitt «Metall sadosi» rejissyori Darius Marderning «Ulovchi» dramasida poʻlat konstruksiyalar montajchisi rolini ijro etadi. Filmni Apple namoyish etadi.

Appleʼning yangi dramasi voqealari 1970-yillarda Nyu-Yorkda kechadi. Pitt katta balandlikda ishlaydigan va ketma-ket ogʻir sinovlarga duch keladigan ishchi rolini ijro etadi. Syujetning boshqa tafsilotlari hozircha oshkor qilinmagan.
«Ulovchi» ssenariysini Marder singlisi Nina bilan birga yozgan. Pitt, shuningdek, film prodyuseri boʻladi. Aktyor avval Apple bilan «Formula-1» filmida hamkorlik qilgan.
Bu hafta internetda Pitt ishtirokidagi «Mahluq yuragi» sarguzasht trilleri namoyish etildi. Dekabr oyida uning «Kliff Butning yangi sarguzashtlari» filmi Netflixʼda chiqadi.



